“Tolibon” harakati Tojikiston va O‘zbekiston rasmiylarini afg‘onistonliklar olib o‘tgan samolyotlarni qaytarishga chaqirdi. Bu haqda “TOLO news” xabar berdi.

foto: RIA novosti

Unga ko’ra, “Tolibon” tomonidan tayinlangan Afg‘oniston mudofaa vaziri Muhammad Yoqub bu haqda ma’lumot bergan.

“Tojikiston yoki O‘zbekistonga olib o‘tilgan samolyotlarimiz qaytarilishi kerak. Samolyotlarimiz xorijda qolishiga yoki bu davlatlar undan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Kelajakdagi havo kuchlarimiz hech qanday davlatga bog‘liq bo‘lmaydi. Biz kuchsizmiz, lekin ojiz emasmiz. O‘zbekiston va Tojikiston ‘Tolibon’ harakatining sabrini sinamasligi va afg‘on uchuvchilari olib qochgan samolyot va vertolyotlarni qaytarib berishi kerak. Aks holda bu mamlakatlar salbiy oqibatlarga duch keladi”, degan Yoqub.

Shu bilan birga, “Tolibon” vakili yana bir bor avvalgi tuzum davrida Qurolli kuchlar tarkibida bo‘lgan harbiylarni toliblar tomonidan tuzilgan yangi armiya safiga qo‘shilishga chaqirgan.

“Keling, hukumatimizni qo‘llab-quvvatlang va unga qarshilik ko‘rsatishni bas qiling”, deya qo’shimcha qilgan u.

Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, sobiq hukumat parchalanganidan keyin O‘zbekiston va Tojikistonga 40dan ortiq vertolyot yetkazilgan. Aniqlik kiritilishicha, Afg‘oniston Islom Respublikasi rejimi ag‘darilishidan oldin mamlakatda 164ta jangovar samolyot bo‘lgan bo‘lsa, hozirda atigi 81ta qolgan. Ularning aksariyati mintaqaning boshqa davlatlariga olib ketilgan.

Eslatib o’tamiz, avvalroq “Tolibon” O‘zbekiston va Tojikistondan vertolyotlarni qaytarish bo‘yicha muzokaralarni boshlagani haqida xabar bergan edik.