Prezidentning “Milliy va olimpiya sport turlari bo‘yicha “Milliy olimpiada” umumrespublika sport o‘yinlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati

Turizm va sport vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va Milliy paralimpiya qo‘mitasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining milliy va olimpiya sport turlari bo‘yicha “Milliy olimpiada” umumrespublika sport o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

  • har ikki yilda “Milliy olimpiada” umumrespublika sport o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash va muddatlarini belgilash;
  • hududiy ishchi guruhlari hamda barcha davlat organlari va tashkilotlarining ushbu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish, ular tomonidan bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etib borish;
  • sport o‘yinlarining barcha bosqichlari o‘tkazilishining tashkil etilishi, shuningdek, bu borada yaratilgan sharoitlarni muntazam ravishda o‘rganib borish;
  • sport o‘yinlarida rekord natijalarni qayd etgan g‘olib va sovrindorlarni rag‘batlantirish;

Sport o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazishni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilanadi:

  • tashkil etish va o‘tkazish – sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida belgilangan tadbirlarga ajratilgan mablag‘lar;
  • davlat budjeti mablag‘lari;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlarning mahalliy budjetlari, vazirlik, idoralar, jamg‘armalar, sport federatsiyalar (uyushmalari), sport klublari, xorijiy investorlar, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari va assotsiatsiyalari mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:

  • a) sport o‘yinlarining final bosqichida umumjamoa hisobida g‘olib va sovrindor bo‘lgan (I-III o‘rinlar) jamoalar quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi: birinchi o‘rin uchun – 200 million so‘m; ikkinchi o‘rin uchun – 150 million so‘m; ikkinchi o‘rin uchun – 100 million so‘m;
  • b) sport o‘yinlarining final bosqichida g‘olib va sovrindor (I-III o‘rinlar) bo‘lgan ishtirokchilar quyidagi O‘zbekiston prezidenti mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:
  • umumiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari olimpiya va paralimpiya kollejlariga;
  • professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari qo‘shimcha davlat granti asosida kunduzgi, sirtqi, kechki ta’lim shakllariga imtihon sinovlarisiz oliy ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga;
  • oliy ta’lim muassasalari talabalari (bakalavriat bosqichi) oliy ta’lim muassasalarining tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura ta’lim yo‘nalishiga qo‘shimcha davlat granti asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi;
  • v) sport o‘yinlarining final bosqichida g‘olib va sovrindor (I-III o‘rinlar) bo‘lgan ishtirokchilar hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) maxsus sport tizimini boshqarish platformasiga kiritish orqali sport zaxirasiga qabul qilinadi.