Viza va fuqarolik olish masalalari bo‘yicha xalqaro konsultativ markaz–Henley & Partners dunyo mamlakatlari pasportining an’anaviy yillik reytingini e’lon qildi.

pasport zagran
Foto: Google

Reyting Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi bergan ma’lumotlar asosida tuzilgan. Unda davlatlarning fuqarolik pasporti o‘z egasiga nechta mamlakatga avvaldan viza olmasdan (umuman viza olmasdan yoki yetib borganidan keyin viza olgan holda) kirib borish imkonini berishi inobatga olingan. (Viza bo‘yicha vaqtinchalik cheklovlar hisobga olinmaydi).

2022-yilgi indeksda O‘zbekiston pasporti Hindiston va Mali pasportlari bilan birga 86-o‘rinni qayd etgan. Ushbu uchta mamlakat fuqarolari 52ta davlatga avvaldan viza olmay kirib boraverishi mumkin.

O‘zbekiston pasportining Henley Passport Index bo‘yicha oxirgi yillardagi pozitsiyalarida katta o‘zgarish bo‘lmagan:

2016-yil: 52ta davlatga vizasiz borish imkoni, 85-o‘rin;
2017-yil: 53ta davlatga vizasiz borish imkoni, 83-o‘rin;
2018-yil: 59ta davlatga vizasiz borish imkoni, 82-o‘rin;
2019-yil: 56ta davlatga vizasiz borish imkoni, 85-o‘rin;
2020-yil: 57ta davlatga vizasiz borish imkoni, 83-o‘rin;
2021-yil: 56ta davlatga vizasiz borish imkoni, 92-o‘rin;
2022-yil: 57ta davlatga vizasiz borish imkoni, 86-o‘rin.

Yaponiya va Singapur pasportlari 5 yildan buyon reytingda yetakchilikni bermay kelmoqda. Henley kompaniyasiga ko‘ra, bu ikki davlat fuqarolari 192ta davlatga vizasiz borish huquqiga ega.

2022-yilda ham, odatdagidek, reytingda yuqori o‘rinlarni asosan Yevropa Ittifoqi dalatlarining pasportlari band qilgan:

1-o‘rin. Yaponiya, Singapur – 192ta davlat;
2-o‘rin. Germaniya, Janubiy Koreya – 190ta davlat;
3-o‘rin. Finlandiya, Italiya, Lyuksemburg, Ispaniya – 189ta davlat;
4-o‘rin. Avstriya, Daniya, Fransiya, Niderlandiya, Shvetsiya – 188ta davlat.
5-o‘rin. Irlandiya, Portugaliya – 187ta davlat.

Sobiq ittifoq respublikalari orasida Litva (182ta davlatga vizasiz borish huquqini beradi), Estoniya va Latviya (181ta davlat) pasportlarining obro‘si juda yuqori.

BAA pasporti bilan 175ta davlatga, Isroil pasporti bilan esa 159ta davlatga beruxsat kirib boraverish mumkin.

Ukraina pasporti 141ta davlat, Rossiya pasporti 119ta davlat, Turkiya pasporti esa 110ta davlatga vizasiz kirish huquqini beradi.

Markaziy Osiyo respublikalarining pasportlari reytingi quyidagicha:

68-o‘rin. Qozog‘iston – 75
80-o‘rin. Qirg‘iziston – 63
84-o‘rin. Tojikiston – 59
86-o‘rin. O‘zbekiston – 57
91-o‘rin. Turkmaniston – 52

Reytingni 26ta davlatga vizasiz kirish imkonini berishi bilan Afg‘oniston pasporti yakunlab beradi. Undan avvalgi o‘rinlarda Iroq (28), Suriya (29), Pokiston (31) va Yaman (33) fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatlar qayd etilgan.