Samarqanddagi tashlandiq maktabgacha ta’lim muassasasi binosida qotillik sodir bo‘ldi. Bu haqda Daryo yozmoqda.

Foto: Xalq so’zi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani “Istiqbol” mahallasida ikki nafar qiz do‘pposlanib, bittasi o‘ldirilib, so‘ngra yoqib yuborilgani to‘g‘risida xabar tarqaldi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2022-yilning 7-yanvar kuni soat taxminan 00:00 atrofida M.N. (2002-yilda tug‘ilgan, vaqtincha ishsiz) va M.T. (2001-yilda tug‘ilgan) ismli yigitlar M.Q. (1997-yilda tug‘ilgan) va D.Y. (1994-yilda tug‘ilgan) ismli tanish ayollarni Past Darg‘om tumani “Istiqbol” mahallasi hududida faoliyat ko‘rsatmasdan kelayotgan tashlandiq maktabgacha ta’lim muassasasi binosiga olib borgan.

U yerda mast holatda kelishmovchilik sababli o‘zaro janjal yuzaga kelgan. Oqibatda yigitlar oshxona pichog‘i bilan D.Y.ning turli sohalariga bir necha marotaba urib, qasddan o‘ldirgan. So‘ngra murdani yoqib yuborishgan.

M.N. va M.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “p” bandi (bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.