Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 11-yanvardagi yalpi majlisida ayrim hollarda mashinalarni ijaraga berishda notarial hujjat talabini bekor qilish masalasi muhokamaga qo‘yildi.

Foto: Google

Majlisda ushbu masalaga aloqador “Fuqarolik kodeksining 565-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Qonun loyihasiga binoan, avtomototransport vositasi elektron savdo platformasi orqali ijaraga berilganda, shartnomani notarial tartibda tasdiqlash talabi bekor qilinmoqda.

“Qonun loyihasining qabul qilinishi avtomototransport vositalarini ijaraga berish bilan bog‘liq munosabatlarni engillashtiradi, ijara bozorini rivojlantiradi”, — degan Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi, deputat Muhammad Valiev.

Amaldagi qonunchilik esa avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomalarini notarial tasdiqlashni talab etadi. Shu bilan birga, yangi taklif etilgan tartib bo‘yicha avtomototransport vositalarini elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auktsion yo‘li bilan ijaraga berilsa, onlayn-auktsion natijasiga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega bo‘lishi nazarda tutilgan.

Bundan avvalroq hukumat qarori bilan yuridik shaxslar ham avtomobillarni qisqa muddatga ijaraga olishi mumkin bo‘lgan edi.