10-yanvardan kuchga kirgan qonunga ko‘ra, Rossiya Jinoyat kodeksi yangi modda bilan to‘ldirildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Foto: Sputnik

Unga ko‘ra, muqaddam belgilangan tezlikni 60 km./soatdan ko‘proqqa oshirib haydagani yoki qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangani (vstrechka) uchun ma’muriy javobgarlik qo‘llangan va haydovchilik huquqidan mahrum qilingan shaxslar ushbu huquqbuzarliklarni ikkinchi bor takroran sodir etsa, jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Bunda qoidabuzar shaxslarga quyidagi jinoiy jazolardan biri belgilanishi mumkin:

  • 200 ming rubldan 500 ming rublgacha jarima (29 mln. so‘mdan 44 mln. so‘mgacha);
  • 1 yildan 2 yilgacha oylik ish haqi miqdorida jarima (3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish bilan birga);
  • 480 soat majburiy jamoat ishlariga jalb qilish (3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish bilan birga);
  • 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari (3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish bilan birga);
  • 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish (3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish bilan birga).

Shuningdek, xuddi shu yangi kiritilgan moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, avval shu jinoyati uchun sudlangan shaxs yana bir bor belgilangan tezlikni 60 km./soat va undan ko‘p miqdorida oshirgan yoki qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan bo‘lsa, unda yanada og‘irroq jinoiy javobgarlik belgilandi (73 mln so‘m ekvivalentida jarima yoki 6 yilgacha muayyan huquqni cheklab, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi).

Qayd etilishicha, qoidabuzar haydovchilarning 40 foizi ma’muriy javobgarlikdan to‘g‘ri xulosa chiqarmaydi va ular takror yana o‘sha qoidalarni buzishadi. Bundan tashqari har o‘ninchi haydovchi takroran o‘ta qo‘pol qoidabuzarlikni sodir etadi.