Farg’ona viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudida “Turon bank”ning 700 millionga yaqin pullarini plastik karta orqali o‘g‘irlagan 7 nafar shaxsga sud hukmi o’qib eshittirildi.

Foto: Huquqiy axborot

Ish holatiga ko‘ra, Yozyovon tumanida yashab kelgan yosh yigit R.U. 2020-yil 19-dekabr kuni soat 21:30larda tanishi R.O. “Turonbank” ATBning “My Turon” mobil ilovasi orqali “Humo” plastik kartasi hisob-raqamidan 9 950 so‘m pullarni “Uzcard” plastik kartasi hisob-raqamiga o‘tkazganida, o‘tkazma amalga oshib, “Uzcard” plastik kartasi hisob-raqamiga 9 950 so‘m pullar qabul qilinganligini, biroq o‘tkazilgan 9 950 so‘m pullar “Humo” plastik kartasi hisob-raqamidan kamaymaganligini, shuningdek, istalgan summadan 50 raqamini ayirib tashlab, kelib chiqqan summani “Humo” plastik kartasi hisob-raqamidan “Uzcard” plastik kartasi hisob-raqamiga o‘tkazganida ham shu kabi holat sodir bo‘lganligini eshitib, ushbu holatni tekshirish maqsadida yashash xonadonida “Turonbank” ATB Farg‘ona filialidan 2019-yil 21-mayda rasmiylashtirib olgan 8600 1129 3346 4984 raqamli “Uzcard” plastik kartasini hamda 2019-yil 20-sentabrda rasmiylashtirib olgan 9860 1501 1347 4095 raqamli “Humo” plastik kartasini o‘zining telefoniga SMS-xabarnoma xizmatini yoqib, foydalanuvida bo‘lgan “Red Mi-7” rusumli telefon apparatiga o‘rnatilgan “My Turon” mobil ilovasiga ushbu har ikkala plastik kartalarni biriktirib, foydalanish jarayonida ilova orqali “Humo” plastik kartasi hisob-raqamida mavjud bo‘lgan 14 000 so‘mdan 9 950 so‘mini “Uzcard” plastik kartasi hisob-raqamiga o‘tkazib, o‘tkazmani amalga oshirganidan so‘ng “Humo” va “Uzsard” plastik kartalaridagi hisob-raqamlarni ilova orqali tekshirib ko‘rganida, “Uzcard” plastik kartasi hisob-raqamiga 9 950 so‘m pullar qabul qilinganligini, lekin “Humo” plastik kartasi hisob-raqamidan 9 950 so‘m pullar kamaymaganligini sezib, ushbu pullar “My Turon” mobil ilovasidagi texnik xatolik sababli “Turonbank” ATBning hisob-raqamidan yechib olinayotganligini anglab, ushbu holatlarni bank mas’ul xodimlari sezmayotganliklariga ishonch hosil qilgan.

Shundan so‘ng, R.U. va R.O. “Turonbank” ATBning hisob-raqamidagi pul mablag‘larini birgalikda yashirin ravishda talon-toroj qilishlari haqida o‘zaro til biriktirgan holda bir guruhga birlashib, ilovada mavjud bo‘lgan xatoliklar haqida bank mas’ullarini ogohlantirmasdan, “My Turon” mobil ilovasida texnik xatolik keltirib chiqarayotgan summalarni o‘ylab topish va ushbu xatolikni keltirib chiqaradigan summalarda juda ko‘p marotaba bank amaliyotlarini amalga oshirishlari natijasida “Turonbank” ATB hisob-raqamidan pullarni o‘zlarida mavjud bo‘lgan “Uzcard” plastik kartalari hisob-raqamiga ko‘chirish orqali yashirin ravishda talon-toroj qilish va tasarruf etish jinoiy rejasini tuzganlar hamda ushbu jinoiy rejalariga bir necha boshqa tanishlarini ham jalb qilganlar.

Dastlab, R.U. va R.O. yuqoridagi usuldan foydalanib, 121 171 750 so‘mni, oradan bir necha kun o‘tgach R.U. o‘rtog‘i J.A. bilan 220 000 000 so‘mni, so‘ng R.U. o‘rtog‘i I.Q. bilan 29 000 000 so‘mni, so‘ng R.O. tanishi S.S. bilan 10 518 850 so‘mni, so‘ng I.Q. o‘rtog‘i M.Q. bilan 310 000 000 so‘mni hamda R.O. 8 000 000 so‘m pul mablag‘larini yashirin ravishda talon-toroj qilishib, umumiy hisobda ushbu 7 yetti nafar shaxslar qisqa vaqt davomida 698 689 000 so‘m bankning pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, o‘g‘irlik qilganlar.

Tezkorlik bilan olib borilgan harakatlar natijasida bankning pullarini to‘liq qaytarilishiga erishilgan, sudlanuvchilar holat aniqlanishi bilan barcha pullarni o‘z ihtiyorlari bilan topshirganlar.

Sudning hukmi bilan, sudlanuvchilarning 5 nafari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3 va 4-qismlari bilan 3 yil 6 oydan 5 yil 6 oygacha muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Ikki nafar shaxslarga ozodlikdan mahrusm qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.

Abrorjon Akramov,
Farg‘ona viloyat sudining sudyasi