Jizzax viloyati IIB jinoyat qidiruv boshqarmasi uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan soxta diplom yasab sotuvchilar qo‘lga olindi. Bu haqda O’zA xabar berdi.

Foto: Uznews

Xabarga ko’ra, Paxtakor tumani “Oqbuloq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro xaridordan 400 AQSh dollari miqdorida pul olib, va’da qilingan diplomni berayotgan paytda daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi.

Tezkor tadbir davomida sotuvchi diplomni o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan Paxtakor tumanidagi o‘rta umumta’lim maktabi direktoridan 300 AQSh dollariga, u esa o‘z navbatida shu hududdagi kasb-hunar maktabi direktori o‘rinbosari vazifasida ishlovchi shaxsdan 200 AQSh dollariga sotib olganligi ma’lum bo‘lgan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv ishlari davomida Jizzax shahrining “Zargarlik” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro qalbaki diplom va ilovalarni tayyorlab, unga muhr va imzolar bilan ishlov berganligi aniqlandi.

Ushbu shaxsning yashash manzilidan kompyuter va qog‘oz chiqarish qurilmasi hujjatlashtirib olindi. To‘plangan hujjatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.