Yevropa parlamenti raisi David-Mariya Sassoli 66 yoshida olamdan o‘tdi, bu haqda uning matbuot kotibi Roberto Kuillo RaiNews24 telekanali orqali xabar berdi.

Foto: RIA Novosti

Taniqli siyosatchi va jurnalist Aviano (Italiya)dagi onkologiya markazida 11-yanvar kechasi vafot etgan.

Kuillo bergan ma’lumotga ko‘ra, Sassoli 26-dekabr kuni immun tizimi disfunksiyasi bilan bog‘liq jiddiy asorat sababli shifoxonaga yotqizilgan edi.

15-dekabr kuni siyosatchi Yevroparlament raisligiga o‘z nomzodini qayta ko‘rsatmasligi ma’lum bo‘lgan. 

Ma’lumot o‘rnida, Sassoli 1956-yil 30-mayda Florensiyada tug‘ilgan. Jurnalistlik faoliyatini Rimning “Il Tempo” gazetasi tahririyatida boshlagan, keyin katoliklarning “Asca” axborot agentligi va “Il Giorno” gazetasida ishlagan. 

Sassoli katta siyosatga 2009-yilning yozida, Demokratik partiya ro‘yxatlari bo‘yicha Yevroparlament a’zosi etib saylanganida kirib kelgan. U YePdagi Demokratik partiya delegatsiyasiga boshchilik qilgan. 2014-yilda Yevroparlamentga qayta saylangan va shundan keyin Sassoli besh yil davomida rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. 2019-yil may oyidagi saylovlar natijasida u uchinchi marta Yevroparlament deputati, 3 iyulda esa Yevropa parlamenti rahbari bo‘lgan.