Milliarder Alisher Usmonovga aloqador “Telekominvest” kompaniyasi “Kapitalbank”ning 8,33 foiz aksiyalarini sotib oldi va bank ustav kapitalidagi ulushini 25 foizgacha oshirdi.

Foto: Youtube

“Telekominvest” MChJ Alisher Usmonovning USM holding kompaniyasining shu’ba korxonasi hisoblanadi.

“Kapitalbank”ning aksionerlari ulushida ro‘y bergan so‘nggi o‘zgarishga ko‘p bo‘lmadi. 2021-yilning noyabr oyi boshida tijorat bankining 34,1 foiz ulushini Oybek Tursunov sotib olgandi va shu bilan tadbirkor egalik qiladigan aksiyalar ulushi 50 foizga yetgandi. Uning qo‘lidagi aksiyalar soni 164 927 890 donani tashkil qilmoqda.

Alisher Usmonovga qarashli kompaniyaga esa 98 959 960 dona aksiya o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyi oxirida USM Telecom (Alisher Usmonovning USM holdingi shu’ba korxonasi) va “Megafon” aloqa kompaniyasi (100 foiz ulushi USM Telecom’ga tegishli) Digital Holding qo‘shma korxonasiga asos solgan, uning tarkibiga Ucell aloqa operatori va boshqa qator mahalliy kompaniyalar kirgandi.