Shu yilning 9-yanvar kuni Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahar, Xonabod va Jayhun ko‘chalari kesishgan chorraha yaqinida YPX xodimi J. Xasanov tomonidan “Epica” rusumli avtomobil haydovchisi to‘xtatilgan. Bu haqda YHXBB axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati

Tekshiruv davomida haydovchi U.B.ning og‘iz bo‘shlig‘idan spirtli ichimlik hidi kelganligi bois, YPX xodimi uni tekshiruvdan o‘tishga taklif qilgan. Haydovchi spirtli ichimlik ichganligini o‘zi tan olgan, lekin tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortgan.

Belgilangan tartibda bayonnoma tuzilib, avtomobilni jarima maydoniga olib borish vaqtida, haydovchi chora ko‘rilmasligi evaziga YPX xodimi 1 500 000 (bir million besh yuz ming) so‘m miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan.

Xodim ushbu holat yuzasidan IIV ShXBB Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlariga xabar berib, pora taklif etayotgan haydovchiga qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.

Shu kuni soat 19:10larda, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan tezkor tadbir davomida, Qarshi shahrida joylashgan “Avto-asl-baraka” MChJga qarashli jarima maydoni yaqinida fuqaro U.B. YPX xodimiga 2 000 000 (ikki million) so‘m miqdoridagi pullarni chora ko‘rilmasligi evaziga pora tariqasida berayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.