Avvalroq saytimiz orqali qamoqdan qochib taksichini salkam 12 000 dollarini bosqinchilik yo’li bilan o’margan uch kishi ushlangani xabar berilgan edi.

Foto: IIV axborot xizmati

Keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda andijonlik taksichi Toshkent viloyatida o‘ldirib ketilgani haqida xabar tarqaldi. Holat bo‘yicha Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, 8-yanvar kuni Andijon viloyati, Shahrixon tumanida yashovchi fuqaro O. Latipova tuman IIBga murojaat qilib, 7-yanvar kuni uydan chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan 1991 yilda tug‘ilgan farzandi M. Otaxonovni topishda amaliy yordam so‘ragan.

M. Otaxonov “Cobalt” rusumli avtomashinasida “Andijon-Toshkent” yo‘nalishida qatnab, aholiga pullik transport xizmati ko‘rsatib kelgan.

M. Otaxonov 7-yanvar kuni soat 17:55lar atrofida Shahrixon tumanidagi avtoturargohdan bir fuqarodan 11 650 AQSh dollarini Toshkent shahridagi tanishiga olib borib berish uchun olgan hamda notanish bo‘lgan 3 nafar yo‘lovchilar birga o‘z avtomashinasida Toshkent shahri yo‘nalishida ketib, bedarak yo‘qolgan.

M. Otaxonovni qotillik qurboni bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, Shahrixon tuman prokuraturasi tomonidan 9-yanvar kuni Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va malakali tergov-tezkor xodimlardan iborat tarkibda tuzilgan tergov guruhi tomonidan tergov harakatlari olib borilgan.

Tezkor qidiruv tadbirlari natijasida M. Otaxonovning murdasi 9-yanvar kuni Toshkent shahar, Yashnobod tumanidagi avtoturargohda “Cobalt” rusumli avtotransport vositasining yukxonasidan qotillik alomatlari bilan topilgan.

Jinoyatni fosh etishga qaratilgan tezkor tadbirlar natijasida 3 nafar gumonlanuvchi Qo‘qon shahar hududidan ushlangan va tergovga jalb qilingan.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.