Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida Xorazm innovasion texnoparkining qurilish va obodonlashtirish ishlari, shuningdek, texnoparkda yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqida vazirlikning axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati

Texnopark rahbariyati va rezidentlari bilan o‘tkazilgan uchrashuv davomida Xorazm innovasion texnoparki faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusi vazifalar hamda kelajakda texnoparklarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari muhokama etildi va tegishli tavsiyalar berildi. Shuningdek, vazir texnopark rezidentlari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar bilan tanishib, istiqboldagi rejalar xususida amaliy tavsiyalar berildi.

I. Abdurahmonov texnopark rezidentlarining bilimlarini oshirish uchun kurslar va treninglar tashkil etish, hududda fan, ta’lim va ishlab chiqarishning o‘zaro uzviyligini ta’minlash, shuningdek, hududning muammolaridan kelib chiqqan holda, texnopark faoliyati doirasida shu yo‘nalishlarga alohida ahamiyat qaratilishi, bu orqali viloyatdagi ishsiz yoshlarga kasb o‘rgatish, yangi ish o‘rinlar yaratish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

Innovatsion rivojlanish vaziri Xorazm viloyatida tashkil etilgan umumxalq hasharida ishtirok etib, Xorazm innovatsion texnoparkini obodonlashtirish ishlarida qatnashdi, texnopark bog‘iga ilk ko‘chatlardan birini o‘tkazdi.

Xorazm texnoparki hududda raqobatbardosh innovatsion mahsulotlar hamda xizmatlarni ishlab chiqish, talabalar va yosh olimlarga qulay sharoitlar yaratish orqali ilmiy hamda ilmiy-texnik faoliyat natijalarini jadal va keng joriy etish, yuqori texnologiyalar sohasida tadqiqotlar o‘tkazish maydoni bo‘lishi kutilmoqda. Texnoparkda ilmiy hamda innovatsion loyihalarni amalga oshiriladi. Bu o‘z navbatida hududning innovatsion salohiyatini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.