Qozog‘istondagi ommaviy va qurolli tartibsizliklar oqibatida davlat budjetiga taxminan 2-3 mlrd. dollar miqdorida zarar yetkazildi. Bu haqda prezident To‘qayev aytib o‘tdi.

foto: Google

Kecha Qosim-Jo‘mart To‘qayev videokonferensaloqa shaklida Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan gaplashdi. Uchrashuv Yevropa tomoni tashabbusi bilan tashkil etilgani aytilgan.

Uchrashuvda To‘qayev mamlakatdagi umumiy holat va oqibatlar haqida batafsil ma’lumot bergan. Uning aytishicha, terrorchi va bosqinchilar konstitutsion tuzumni ag‘darish va davlat to‘ntarishi qilishga urinishgan.

Ma’lum qilinishicha, tartibsizliklar oqibatida 1300ga yaqin tadbirkorlik obyektlari, 100 dan ortiq savdo markazlari va banklar jiddiy zarar ko‘rgan, 500ga yaqin mashina yoqib yuborilgan, huquqni himoya qilish organlari va tinch aholi o‘rtasida ko‘plab qurbonlar kuzatilgan.

Uchrashuvda To‘qayev xalqaro majburiyatlarga amal qilinishi va Yevropa ittifoqi bilan hamkorlik davom etishini bildirgan.

Yanvar oyi boshida Qozog‘istonda gaz narxi oshishiga norozilik sifatida namoyishlar boshlandi. Ko‘p o‘tmay namoyishlar to‘lqini butun respublikaga yoyildi, eng jiddiy voqealar Olmaotada bo‘lib o‘tdi. Bu orada Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqarildi, mamlakatda favqulodda holat rejimi va komendantlik soati joriy etildi. Qozog‘istonga KXShT tinchlikparvar kuchlari yuborildi.