Farg‘onada 14,5 tonna go‘sht mahsulotlarini qo‘shni respublikaga noqonuniy ravishda olib o‘tishga uringan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Zamon informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Foto: Dunyo

Farg‘ona viloyati Bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan “Andarxon” chegara-bojxona posti xodimlari bilan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida ko‘mir mahsulotlari ortilgan yuk avtotransport vositasi tezkor kuzatuvga olinib, bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan.

Ko‘rik davomida yuk hujjatlarida ko‘mir ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ular ostiga umumiy qiymati 270 million so‘mlik go‘sht borligi aniqlangan.

“Bag‘doddan go‘shtni, Farg‘onadan esa ko‘mirni yukladim”, degan haydovchilardan biri.

Yana bir haydovchining so‘zlariga ko‘ra, tojikistonlik mijozi shu go‘shtlarni sotmasa, bankrot bo‘lishini aytgani sabab shu ishga aralashgan.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.