Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirovning xonadonida joriy yilning 4-yanvar kuni o‘g‘irlik jinoyati sodir bo‘lganligi hamda uning uyidan nomaʼlum shaxslar tomonidan 200 ming AQSh dollar miqdoridagi pullar o‘g‘irlab ketilganligi yuzasidan xabar tarqaldi.

Foto: Buxoro shahar hokimligi axborot xizmati

Mazkur xabar Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan o‘rganilganda, ushbu xabarning mutlaqo noto‘g‘ri ekanligi, yaʼni Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirovning xonadonida o‘g‘irlik jinoyati sodir bo‘lmaganligi, Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlariga bunday mazmundagi hodisa sodir bo‘lganligi to‘g‘risida biror bir xabar yoki murojaat kelib tushmaganligi yoxud hokimning biror bir yaqin qarindoshlari tomonidan ham bunday jinoiy hodisa yuz berganligi yuzasidan xabar yoki murojaat tushmaganligi maʼlum bo‘lgan.

“Hurmatli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, mustaqil jurnalist va blogerlar, hokimiyat vakillarini obro‘sizlantirishga qaratilgan bu kabi asoslantirilmagan yolg‘on xabar va maʼlumotlarni tarqatmasligingizni, har qanday jinoyat va hodisalar yuzasidan rasmiy maʼlumot olish uchun Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmatiga murojaat qilishingizni so‘rab qolamiz”, – deyiladi Buxoro viloyati IIB xabarida.

Eslatib o’tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning betobligi va Germaniyada davolanayotgani haqida xabarlarga hokimning o’zi javob qaytargani haqida xabar bergan edik.