Bugungi kunda O‘zbekistonda internet xizmatidan foydalanuvchilar soni 27,2 milliondan oshgan, shundan mobil internet foydalanuvchilari soni 25,3 million kishini tashkil etmoqda, deb yozmoqda Kun.uz Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibiga tayanib.

Foto: Google

Shuningdek, joriy yilda Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida yirik ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlari (data center) quriladi.

Respublikada telekommunikatsiya operatorlarining raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha olib kiriladigan telekommunikatsiya uskunalari va qurilmalarini, noutbuklarni bojxona to‘lovlaridan ozod etish, jalb qilinadigan chet el kreditlari bo‘yicha davlat kafolatini berish choralari ko‘riladi.

Bundan tashqari, 2022-yilda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishning quyidagi asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi:

  • xalqaro ma’lumotlar uzatish kanalining o‘tkazuvchanlik qobiliyati 3,5 marotaba oshiriladi;
  • 150 ming km optik tolali aloqa liniyalari qurilishi hisobiga ma’lumotlar uzatish tarmog‘i kengaytiriladi;
  • xalqaro va davlat ahamiyatiga molik avtomobil yo‘llarini mobil aloqa tarmoqlari bilan to‘liq qamrab olishni ta’minlash;
  • optik tolali aloqa liniyalari barcha aholi punktlariga yetkazilib, uy xo‘jaliklarining kamida 80 foizi Internetga keng polosali simli ulanish imkoniyati bilan ta’minlanadi.

Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari 2022-yil 1-yanvardan boshlab Internet jahon axborot tarmog‘iga keng polosali ulanish tarmoqlarini loyihalash va qurishda quyidagilar nazarda tutiladigan bo‘ldi.

  • ma’muriy binolar va ko‘p kvartirali uylarni kamida 1 Gigabit/sekund o‘tkazuvchanlik qobiliyati bilan;
  • ta’lim tashkilotlari, sog‘liqni saqlash muassasalari va boshqa davlat tashkilotlarini kamida 100 Megabit/s o‘tkazuvchanlik qobiliyati bilan ta’minlash.