10-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo’mart To’qayevning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikning joriy masalalari va bo‘lajak qo‘shma tadbirlar yuzasidan fikr almashdilar.

Prezident To’qayev Qozog‘iston Respublikasidagi joriy holat hamda mamlakatda vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha hukumat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston yetakchisi halok bo‘lganlarning oilalariga yana bir bor hamdardlik bildirib, jabrlanganlar tezda shifo topishlarini tiladi.

Tomonlar birodar Qozog‘iston zaminida tinchlik va barqarorlik tez fursatda qayta tiklanishiga ishonch bildirdilar.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston xalqi va prezidentiga ta’ziya yo‘llagani haqida xabar bergan edik.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bugun, 10-yanvarni mamlakatda yuz bergan tartibsizlik, namoyish qurbonlari xotirasiga milliy motam kuni deb e’lon qilgani xabar berilgandi.

Yanvar oyi boshida Qozog‘istonda gaz narxi oshishiga norozilik sifatida namoyishlar boshlandi. Ko‘p o‘tmay namoyishlar to‘lqini butun respublikaga yoyildi, eng jiddiy voqealar Olmaotada bo‘lib o‘tdi. Bu orada Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqarildi, mamlakatda favqulodda holat rejimi va komendantlik soati joriy etildi. Qozog‘istonga KXShT tinchlikparvar kuchlari yuborildi.