AQShning Los-Anjeles shahrida samolyot “Whiteman” aeroporti yaqinidagi temir yo‘lga qulab tushdi. Bu haqda “NBC” xabar berdi.

Foto: RIA Novosti

Ma’lum qilinishicha, samolyot salonida faqat uchuvchi bo‘lgan, qutqaruvchilarning tezkor harakatlari tufayli poezd samolyotni buzib tashlaguncha u qutqarib qolingan.

Kuzatuv kamerasi bilan olingan videoda politsiya uchuvchini qutqarayotgani, uni relsdan uzoqroqqa olib ketayotgani va bir necha soniyadan so‘ng poezd samolyotni urib ketgani aks etgan.

Ta’kidlanishicha, jabrlanuvchi fizik tekshiruvdan o‘tkazilib, kasalxonaga olib ketilgan. Yetkazilgan zarar miqdori haqida hozircha ma’lumot berilmagan.

Federal aviatsiya boshqarmasi bir dvigatelli “Cessna 172” samolyoti halokatga uchraganini qayd etgan. Departament rasmiylari bortda faqat bir kishi bo‘lgani va boshqa qurbonlar yo‘qligini tasdiqlagan. Yong‘in xavfsizligi xizmati “Cessna 172” halokatga uchragan joy yaqinidagi yo‘llar ish tugaguniga qadar yopilishini aytgan.