O‘zbekistonda niqobsiz yurgan fuqarolar jarimaga tortilmaydi. Bu haqda bugun mamlakatga “omikron” kirib kelishi munosabati bilan AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Foto: Ezra Acayan/Getty Images

Ta’kidlanishicha, agar ko‘cha-kuyda kimdir niqobsiz yurgan bo‘lsa, Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari unga faqat tushuntirish beradi.

“Milliy gvardiya xodimlariga kecha topshiriq berildi, ular ko‘chada niqobsiz yurgan fuqarolarga birinchidan tushuntirish, faqatgina tushuntirish berish kerak”, degan mas’ul. 

Shuningdek, IIO va Milliy gvardiya xodimlari yetarli miqdorda niqob bilan ta’minlanadi va o‘z navbatida ular niqobsiz yurgan fuqarolarga beradi.

Eslatib o‘tamiz, SSV “omikron” shtammi haqida kecha, 9-yanvar kuni ilk bor xabar berdi.

Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasiga asosan epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralari belgilangan.

Kodeksga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish — bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha (1 mln 350 ming so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.