Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Bu haqda Prokuratura departamenti xabar berdi.

Foto: RBK

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chust tumani bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “S.E.” MChJ rahbari I.M. fuqaro D.ning O‘sh davlat universitetidagi o‘qishini 2 700 AQSh dollari evaziga tanishlari yordamida O‘zbekiston Respublikasidagi oliy o‘quv yurtlaridan biriga ko‘chirish haqida buyruq chiqartirib berishni va’da qilib, shundan 1 100 AQSh dollari va 4,6 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Termiz shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali talabasi Sh.N. va boshqalar fuqaro O.ning ishonchiga kirib, uning ukasi Xarkov milliy tibbiyot universiteti talabasi J.ning o‘qishini tanishlari yordamida Buxoro Davlat tibbiyot institutiga ko‘chirib berishi evaziga 4 000 AQSh dollarini qo‘lga kiritganliklari aniqlanib, tekshiruv davomida, Sh.N. tomonidan ixtiyoriy qaytarilgan 100 AQSh dollari va 400 ming so‘m ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.