Namangan shahrida 31-dekabrda mingga yaqin odam tungi paytda yo‘lni to‘sib harakatlangani haqida xabar tarqaldi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Foto: Skrinshot

Ma’lum bo‘lishicha, Yangi yil bayrami munosabati bilan shaharning “Afsonalar vodiysi” istirohat bog‘iga viloyat markaziy archasi o‘rnatilgan bo‘lgan. Aniqlanishicha, mingga yaqin fuqaro istirohat bog‘iga tashrif buyurib, archa atrofida to‘plangan.

Boqqa jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ichki ishlar organi xodimlari va Milliy gvardiyadan jami 253 nafar xodim xizmatga jalb qilingan.

Jamoat tartibini saqlashga jalb qilingan huquqni muhofaza qilish organi xodimlari tomonidan fuqarolar tarqatilayotgan xolat intyernet tarmoqlarida namoyish qilingan.

Shuningdek, 31-dekabr kuni viloyat hududida norozilik chiqishlari va namoyishlar, ko‘ngilsiz xolatlar sodir etilmagani ta’kidlangan.