Qozog‘istonning Jambil viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Janat Suleymenov o‘lik holda topildi. U o‘z joniga qasd qilgani aytilmoqda. Buni Taraz hokimligi matbuot xizmati Interfaks agentligiga tasdiqlagan.  

Foto: NUR

“Afsuski, ha, shunday. Voqea sabablari o‘rganilmoqda”, – deyilgan hokimlik xabarida. 

Qozog‘istonlik jurnalist Mixail Kozachkovning Telegram’da yozishicha, tartibsizliklardan so‘ng Suleymenovga nisbatan jinoiy ish ochilgan. 

“Unga favqulodda sud organi tahdid qildi”, deb yozgan jurnalist. 

Boshqa manbalarda bu ma’lumot tasdiqlanmagan. 

Ma’lumot o‘rnida, Tarazdagi tartibsizliklar chog‘ida viloyat hokimligi, hukmron “Nur Otan” partiyasi binosi va politsiya boshqarmasiga hujum uyushtirilgan.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bugun, 10-yanvarni mamlakatda yuz bergan tartibsizlik, namoyish qurbonlari xotirasiga milliy motam kuni deb e’lon qilgani xabar berilgandi.

Yanvar oyi boshida Qozog‘istonda gaz narxi oshishiga norozilik sifatida namoyishlar boshlandi. Ko‘p o‘tmay namoyishlar to‘lqini butun respublikaga yoyildi, eng jiddiy voqealar Olmaotada bo‘lib o‘tdi. Bu orada Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqarildi, mamlakatda favqulodda holat rejimi va komendantlik soati joriy etildi. Qozog‘istonga KXShT tinchlikparvar kuchlari yuborildi.