Qozog‘istonda yuz bergan tartibsizliklardan birinchilardan bo‘lib O‘zbekiston xulosa chiqarishi kerak. Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining navbatdan tashqari sammitida shunday fikr bildirdi.

Foto: TASS

Lukashenkoga ko‘ra, Qozog‘istondagi vaziyatga tashqi kuchlar sabab bo‘lgan.

Belarus yetakchisi istiqbolda jiddiy muammolar kutib turganini, shu sababdan KXSHT atrofida jipslashish kerakligini ta’kidlagan. U KXShT tinchlikparvar kuchlarining kiritilishi Qozog‘istondagi mojaro tashkilotchilarining rejalarini buzganligini ta’kidlab o’tgan.

“Biz o’z xohishimiz bilan kelganimiz yo’q. Do’stimiz, birodarimiz chaqirdi”, degan Belarus rahbari.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bugun, 10-yanvarni mamlakatda yuz bergan tartibsizlik, namoyish qurbonlari xotirasiga milliy motam kuni deb e’lon qilgani xabar berilgandi.

Yanvar oyi boshida Qozog‘istonda gaz narxi oshishiga norozilik sifatida namoyishlar boshlandi. Ko‘p o‘tmay namoyishlar to‘lqini butun respublikaga yoyildi, eng jiddiy voqealar Olmaotada bo‘lib o‘tdi. Bu orada Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqarildi, mamlakatda favqulodda holat rejimi va komendantlik soati joriy etildi. Qozog‘istonga KXShT tinchlikparvar kuchlari yuborildi.