“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Toshkentdan Buxoroga uchishi kerak bo‘lgan HY023/024 reysi kuchli tuman sabab kechiktirildi. Bu haqda Buxoro xalqaro aeroportiga tayanib, Telegram’dagi Bukhara News kanali xabar berdi.

Foto: “Uzbekistan Airways” axborot xizmati

Buxoro aeroportidagi kuchli tuman tufayli — ko‘rish masofasi 100 metr atrofida bo‘lib, aeroport ko‘ruvchanlik yaxshilangunga qadar samolyotlarni qabul qilish uchun yopilgan. Toshkent—Buxoro reysining parvozi mahalliy vaqt bilan soat 11:00ga ko‘chirilgan.

Shuningdek, “Aeroflot” aviakompaniyasining Buxoro—Moskva yo‘nalishi bo‘yicha uchishi kerak bo‘lgan AFL-1877 sonli reysi ham noqulay ob-havo sharoiti sabab qoldirilgan. Mazkur reysda uchishi kerak bo‘lgan 133 nafar yo‘lovchi “Grand Buxoro” mehmonxonasiga joylashtirilgan. Ekipaj esa ish vaqti tugagani sabab dam olishga qaror qilgan.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Moskvadan Toshkentga uchgan samolyot o‘layotgan yo‘lovchi sabab Qozonga qo‘nishga majbur bo‘lgani xabar berilgandi.