Shavkat Mirziyoev Qozog‘iston prezidenti va xalqiga mamlakatda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maktubida qardosh Qozog‘iston hududidagi fojiali voqealar va ularning natijasida ko‘plab harbiylar va aholi vakillari nobud bo‘lgani hamda og‘ir jarohatlar olgani, ko‘rilgan katta talofatlar munosabati bilan Prezident Qosim-Jo’mart To’qayevga va do‘st Qozog‘iston xalqiga chuqur ta’ziya izhor etilgan.

Davlatimiz rahbari Vatan osoyishtaligi va mamlakat xalqining himoyasi yo‘lida qurbon bo‘lgan fidoyi farzandlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildirib, jarohat olganlarning tez fursatlarda shifo topishlarini tilagan.

Avvalroq, Qozog’istonda vaziyat yaxshilanayotgani haqida xabar bergan edik.

Eslatib o’tamiz, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bugun, 10-yanvarni mamlakatda yuz bergan tartibsizlik, namoyish qurbonlari xotirasiga milliy motam kuni deb e’lon qilgani xabar berilgandi.

Yanvar oyi boshida Qozog‘istonda gaz narxi oshishiga norozilik sifatida namoyishlar boshlandi. Ko‘p o‘tmay namoyishlar to‘lqini butun respublikaga yoyildi, eng jiddiy voqealar Olmaotada bo‘lib o‘tdi. Bu orada Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqarildi, mamlakatda favqulodda holat rejimi va komendantlik soati joriy etildi. Qozog‘istonga KXShT tinchlikparvar kuchlari yuborildi.