Ijtimoiy tarmoqlar orqali Qashqadaryo viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rahbariyati YPX inspektorlarini ko‘proq “protokol” tuzishga majburlayotgani aytilgan xabar tarqaldi.

ypx inspektor gai
Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Qayd etilishicha, rahbariyat har bir YPX xodimiga har kuni 20 ta bayonnoma tuzish shartini qo‘ygan.

“Nasafnews”ga qashqadaryolik bir guruh YPX inspektorlari tomonidan murojaat yo‘llandi. Murojaat egalari shaxsini sir tutishimizni so‘rab, Qashqadaryo yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rahbariyatining ayrim xatti-harakatlari mehnat qonunchiligiga zid ekanini aytadi.

“Inspektorlarga yarim tunda, navbatchilik qilish bilan birga uyma-uy yurib, qarzdorlik undirish vazifasi ham yuklanmoqda. Har birimiz bir kunda 20ta bayyonoma tuzmasak, rahbariyat kech soat 23:00da “razbor” qiladi. Biz ham odam. Bizda ham oila bor. Uyimizga, bolalarimiz oldiga borgimiz keladi. Lekin qo‘yilgan yuklamalarni bajaraman deb uyga yarim tun soat 3 va 4ga kirib kelamiz”, – degan inspektorlardan biri.

Ma’lum bo‘lishicha, topshiriqlar asosan Qashqadaryo viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shahriddin Qo‘shoqov tomonidan beriladi.

“Biz Qashqadaryo viloyati YHXB bir guruh inspektorlari tomonidan murojaat qilishga majbur bo‘ldik. Boshliq o‘rinbosari Sh. Qo‘shoqov tomonidan bizga har kun 20ta bayonnoma yozasan, mast haydovchi ushlaysan, – deb yuklama qo‘yilmoqda. – O‘zingiz bilasiz, bizda alkotester yo‘q. Hozir pandemiya vaqti bo‘lsa, biror bir kasal yuqtirib olsak nima bo‘ladi? Mana hozir tungi soat 22:58 dam olish kuni, hali javob bo‘lgani yo‘q”.

Yana bir audioda esa uyma-uy yurib, qarzdorlikni yig‘ish vazifasi qo‘yiladi. Bundan tashqari, bir kunda 20ta bayonnoma tuzmagan xodim jazolanishi eslatiladi.

Ushbu holat yuzasidan IIV YHXBB hozirda xizmat tekshiruvi o‘tkazishni boshlab yuborgan.

“Ijtimoiy tarmoqda Qashqadaryo viloyati IIB YHXB boshlig‘ining o‘rinbosari Sh.Qo‘shaqov va navbatchi E. Alimovlar tomonidan YPX xodimlari kun davomida 20ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishi zarurligi aytilgan audio xabar tarqaldi. Ushbu xabar yuzasidan IIV JXD YHXX tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi belgilandi”, – deyiladi YHXBB xabarida.