Nodavlat ta’lim tashkilotlarida ham qishki ta’til muddatini 2022-yil 24 yanvarga qadar uzaytirish tavsiya etildi. Bu haqda Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi bayonot bilan chiqqan.

Foto: Pexels

Xabarga ko’ra, nodavlat taʼlim tashkilotlarida ham qishki taʼtil muddatini 2022-yil 24-yanvarga qadar uzaytirish, ularning rahbar va pedagog kadrlarini xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan Milliy oʻquv dasturlari asosida masofaviy taʼlim shakllarini qoʻllagan holda malaka oshirish kurslariga jalb etish maqsadga muvofiq deb belgilangan.

Qishki taʼtil davrida oʻquvchilarga oziq-ovqat berilmasligi hamda boshqa sarf-xarajatlar qilinmasligini inobatga olgan holda ularning ota-onalaridan shu muddatlar uchun toʻlov undirilmasligi tavsiya etilgan.

“Shuningdek, taʼtil davrida oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida ular uchun tashkil qilinayotgan onlayn fan olimpiadalar, intellektual oʻyinlar, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan bellashuvlar va turli tanlovlarda faol ishtirokini taʼminlash maqsadga muvofiq”, – deyiladi inspeksiya xabarida.

Eslatib o’tamiz, avvalroq maktablardagi o’quvchilar uchun hamda OTM talabalari uchun qishki ta’til uzaytirilgani xabar berilgandi.