Xitoyda magnitudasi 6,9 ballga teng yerosti silkinishlari kuzatildi. Zilzila oqibatida Buyuk Xitoy devorining bir qismi qulab tushgan, deb xabar beradi Global Times.

Foto: RIA novosti

Ma’lum qilinishicha, yerosti silkinishlari 8-yanvar kuni Xitoy shimoli-g‘arbidagi Sinxay provinsiyasida, 10 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan. Zilzila aholi kam istiqomat qiladigan hududda sodir bo‘lganiga qaramay, uning kuchi bir nechta yirik shaharlarda ham kuzatilgan.

Halok bo‘lganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan, biroq to‘qqiz kishi jarohat olgani aytilmoqda. Ularning sakkiz nafariga shifoxonadan javob berilgan, bittasi esa hamon shifokorlar nazorati ostida.

9-yanvar kuni rasmiylar Gansu provinsiyasining Shandan uyezdidan o‘tuvchi Buyuk Xitoy devorining ikki metr qismi zilzila oqibatida qulab tushganini aniqlagan. Aniqlangan qism Min sulolasining hukmronlik yillarida qurilgan (1368—1644-yillar).

Ayni vaqtda mutaxassislar tomonidan ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, 10-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 02:44da Gretsiya shimolida 5,6 magnitudali zilzila qayd etilgan. Ta’kidlanishicha, yerosti silkinishlari Shimoliy Makedoniya chegarasidan taxminan 8 kilometr uzoqlikda, Bitola shahridan 26 kilometr janubda sodir bo‘lgan.

AQSh Geologiya xizmati zilzila magnitudasini 5,5 ball deya baholagan. Amerikalik seysmologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila epimarkazi Gretsiyaning Florina shahridagi 7 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan.