Qozog‘istonning Olma-Ota shahrida vaziyat barqarorlashmoqda, biroq aksilterror operatsiyasi davom etmoqda, ba’zan sirenalar ovozi eshitilmoqda, deb xabar berdi “Xabar 24” telekanali.

Foto: Interfaks

“Olma-otada vaziyat asta-sekin barqarorlashmoqda. Shunga qaramay, shaharning hayotiy faoliyatini to’liq tiklanishi haqida gapirishga hali erta. Shaharda aksilterror operatsiyasi davom etmoqda, sirenalar ovozi eshitilib turibdi, komendantlik soati amal qilmoqda” – degan boshlovchi.

Shuningdek, Olma-otaga kiraverishdagi nazorat-o‘tkazish punktlarida ham vaziyat tinch, odamlar mahalliy harbiylar talablariga xayrixoh ekani qayd etilgan.

“Shahar asta-sekin, asta-sekin oʻziga kelayapti, yoʻllarda transport harakati qayta tiklanayotganini koʻryapmiz”, — deyiladi telekanal efirida.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bugun, 10-yanvarni mamlakatda yuz bergan tartibsizlik, namoyish qurbonlari xotirasiga milliy motam kuni deb e’lon qilgani xabar berilgandi.

Yanvar oyi boshida Qozog‘istonda gaz narxi oshishiga norozilik sifatida namoyishlar boshlandi. Ko‘p o‘tmay namoyishlar to‘lqini butun respublikaga yoyildi, eng jiddiy voqealar Olmaotada bo‘lib o‘tdi. Bu orada Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqarildi, mamlakatda favqulodda holat rejimi va komendantlik soati joriy etildi. Qozog‘istonga KXShT tinchlikparvar kuchlari yuborildi.