Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, jumladan, bizning mamlakatimizda ham infeksion kasalliklarning tarqalishiga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida qator choralar ko‘rmoqda.

tibbiy niqob maska
Foto: RIA novosti

“O‘zstandart” agentligi huzuridagi Standartlar institutida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda xalqaro tajribalarga asoslangan holda sifatli tibbiy niqoblar ishlab chiqarish bo‘yicha davlat standarti ishlab chiqish masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqida agentlig axborot xizmati xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan tibbiyot niqoblariga qo‘yilayotgan talablar yetarli emasligi, ushbu talablar bo‘yicha niqoblar ishlab chiqarilishi maqsadga muvofiqmasligi to‘g‘risida hamda kelajakda ushbu me’yoriy hujjat barcha tibbiyot niqoblarini ishlab chiqaruvchilar uchun yagona talabni shakllantiruvchi va muvofiqlashtiruvchi hujjat bo‘lishi haqida aytib o‘tildi.

Yurtimizdagi tibbiy niqob ishlab chiqarish faoliyatini olib borayotgan mutaxassislar, texnologlar va ekspertlarni jalb etgan holda tez fursatlarda Yevropa me’yorlariga javob beradigan standart asosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat standartini ishlab chiqish vazifasi belgilandi. Ushbu tibbiyot niqobining o‘lchamlari, shakli, filtri, mikrobiologik tozalik darajasi hamda hafvsizligi qo‘yiladigan talablarga javob beradi.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning 1 aprel sanasigacha ushbu loyihani samarali amalga oshirish ko‘zda tutilgan.