O‘zbekiston bo‘ylab 2022-yil 8-yanvar holatiga 10 mingdan ortiq iste’molchi tomonidan 100 mingga yaqin xarid cheklari keshbek uchun “Soliq” mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi yozmoqda.

Foto: Gazeta

Ma’lum qilinishicha, fuqarolarda yig‘ilgan keshbek summasi 941 million so‘mni tashkil etmoqda — har bir iste’molchiga o‘rtacha 94 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi.

“Buni intizomli soliq to‘lovchilar safi kengayib borayotgani hamda onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish ustidan jamoatchilik nazorati kuchaygani bilan izohlash mumkin”, — deyiladi xabarda.

Ammo xarid chekida MXIKlar noto‘g‘ri yoki umuman aks ettirilmagani sababli ularni ro‘yxatdan o‘tkazishda muammoga duch kelgan fuqarolarning murojaatlari soni ortgan. 1-yanvardan MXIK aks ettirilmaydigan cheklarni taqdim etish taqiqlangan, lekin ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan nazorat-kassa texnikalarini yangi talablarga moslashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmagan.

Buning oqibatida 3 milliard 429,2 million so‘mlik (shundan 34,2 millionso‘m keshbek) cheklarga (jami ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklarning 12,6 foizi) keshbek summasini hisobga olish rad etilgan.

DSQ ma’lumotiga ko‘ra, endilikda chekda MXIK kodi to‘g‘ri ko‘rsatilgan barcha tovarlar (xizmatlar) uchun keshbek taqdim etiladi. Rad etish to‘liq xarid summasiga (butun chek uchun) emas, balki faqat ma’lumotlar bazasida mavjud bo‘lmagan MXIK kodi ko‘rsatilgan mahsulot (tovar va xizmat)larga nisbatan qo‘llaniladi.

Eslatib o‘tamiz, soliqqa oid huquqbuzarlik to‘g‘risida soliq organlariga maxsus dastur orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga huquqbuzarlardan undirilgan jarima summasi hisobidan 20 foiz miqdorida mukofot to‘lanadi. Mukofot fuqaroning bank kartasiga o‘tkazib beriladi.