Qozog‘istonda shu kungacha yuz bergan namoyishlar va tartibsizliklar oqibatida jami 164 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Orda.kz ma’lumot berdi.

Foto: Interfaks

Ularning ko‘pchiligi, ya’ni 103 nafari Olmaotada qurbon bo‘lgan. Qizilo‘rda viloyatida 21 kishi, Jambulda esa 10 kishi hayotdan ko‘z yumgan. 

Shuningdek, tartibsizliklar vaqtida 6 mingga yaqin kishi qo‘lga olingan. Ular orasida ko‘plab xorijliklar ham bor. 125ta holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 10-yanvarni mamlakatda yuz bergan tartibsizlik, namoyish qurbonlari xotirasiga milliy motam kuni deb e’lon qilgani xabar berilgandi.

Yanvar oyi boshida Qozog‘istonda gaz narxi oshishiga norozilik sifatida namoyishlar boshlandi. Ko‘p o‘tmay namoyishlar to‘lqini butun respublikaga yoyildi, eng jiddiy voqealar Olmaotada bo‘lib o‘tdi. Bu orada Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqarildi, mamlakatda favqulodda holat rejimi va komendantlik soati joriy etildi. Qozog‘istonga KXShT tinchlikparvar kuchlari yuborildi.