Avvalroq Qozog‘istonning Olmaota shahrida tartibsizliklar vaqtida qo‘lga olinganlardan biri Qirg‘izistondan uchib kelgani, unga mitingda qatnashishi uchun 200 dollar taklif qilishganini aytgan video tarqalgan edi.

Foto: Skrinshot

Ayblanuvchi erkak ba’zilar Qozog‘istonda 2-yanvardan boshlangan mitingda qatnashishi uchun unga 200 dollar taklif qilganini aytgan. Shuningdek, ular erkakning yo‘l harajatlarini ham qoplaganini qayd etgan.

“1-yanvar kuni noma’lum shaxslar menga qo‘ng‘iroq qilib, Qozog‘istonda mitingda qatnashishni taklif qildi. Qirg‘izistonda ishsiz bo‘lganim uchun ularning taklifiga rozi bo‘ldim. Ular menga aviabilet sotib oldi. Olmaotaga 2-yanvar kuni uchib keldim va meni O‘zbekiston va Tojikistondan kelganlar turgan kvartiraga olib kelishdi. Ular nima haqida gaplashganini tushunmadim. Miting boshlanganida qo‘rqib, kvartiraga qaytdim va tunadim. Kelasi kuni uyga qaytishga qaror qildim va meni harbiylar qo‘lga oldi”, — degan qirg‘izistonlik erkak.

Keyinchalik ma’lum bo’lishicha, ushbu videotasvirdagi erkak asli qirg’izistonlik taniqli musiqachi Vikram Ruzaxunov bo’lib chiqqan. Uning yaqinlariga ko’ra, musiqachi Qozog’istonga xizmat safari uchun kelgan.

Qozog‘istonda qo‘lga olingan qirg‘izistonlik musiqachi terrorchi emas, degan Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev.

“U terrorchi emas, tergovni olib borayotgan odamlar yo xatoga yoʻl qoʻyishgan yoki oʻz manfaatini koʻzlamoqchi boʻlgan. Yana bir bor aytaman, mamlakatimiz maxsus xizmatlari rahbari sifatida masʼuliyat bilan aytamanki, u terrorchi sifatida ishtirok eta olmaydi, u tasodifan noto‘g‘ri vaqtda noto‘g‘ri joyda bo‘lgan”, — degan Tashiyev.

Hozirda ikki davlat tashqi ishlar va ichki ishlar vazirliklari orqali Vikram Ruzaxunovning hibsga olingani holatlariga oydinlik kiritish boʻyicha tegishli ishlar olib borilmoqda.