Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan “Bu nima ahvol endi. ‘Maska’lilar xalqni uradimi?” sarlavhasi ostidagi holatga Navoiy viloyat IIB rasmiy munosabat bildirdi.

Foto: Skrinshot

Unga ko’ra, shu yilning 7-yanvar kuni soat 08:00larda Qiziltepa tumani To‘dako‘l suv havzasida faoliyat olib boruvchi “Golden layk fish” MChJga tegishli baliqchilik bazasida ushbu MChJda o‘zaro shartnomada ko‘rsatilgan tartibda, ya’ni qora rangli liboslar kiyib yuzlariga niqob taqqan holda qo‘llariga rezina tayoqlar bilan xizmat olib borayotgan nazoratchi inspektorlar hamda To‘dako‘l suv havzasida baliq ovlash bilan shug‘ullanib keluvchi ovchilar o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik yuzaga kelganligi, ushbu kelishmovchilik nazoratchi inspektorlar ovchilarni ichkariga kirishlari uchun pasport nusxasi talab qilganligi va qora rangli liboslar kiyib yuzlariga niqob taqqan holda qo‘llariga rezina tayoqlar bilan xizmat olib borganligi, ushbu holatdan “Golden layk fish” MChJga kelgan baliqchilar norozi bo‘lib, ushbu yollanma ishchilarning xizmat faoliyatiga to‘sqinlik qilib, jamoat tartibini buzganligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, qora rangli liboslar kiyib yuzlariga niqob taqqan holda qo‘llariga rezina tayoqlar bilan xizmat olib borayotgan nazoratchi inspektorlar shartnoma asosidagi yollanma fuqarolar, ichki ishlar xodimi emas.

Shuningdek, ularning egnidagi libosi, vazirlik “shevroni” hamda rezina tayoqlarni qayerdan olganligi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etayotgani aytib ketilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 209-1-moddasiga ko‘ra, Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurganlik uchun qonunda javobgarlik belgilangan.