Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida shifokor, Payariq tumanida maktab direktori fuqarolarni ishga kiritib qo‘yish uchun pora olayotganda qo‘lga olingan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Google

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida 2022-yil 7-yanvar kuni tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam bo‘limining 30 yoshli xodimi, tumanning Yangiobod mahallasida yashovchi fuqaroni tibbiyot birlashmasiga hamshira vazifasiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, undan 700 AQSh dollari miqdorida pul mablag‘larini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Payariq tumanida o‘tkazilgan tadbirda maktablardan birining direktori J.Sh. tumanning Boshqo‘rg‘on mahallasida yashovchi fuqaroni psixologiya fani o‘qituvchisi sifatida ishga olish evaziga 400 AQSh dollari miqdorida pul mablag‘ini talab qilib, undan 3,2 million so‘mni olayotgan vaqtda daliliy ashyo bilan ushlangan.

Dastlabki surishtiruvda, u kelishilgan pulning 900 ming so‘mini avvalroq olgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, yuqoridagi shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.