Janubiy Afrika Respublikasi olimlari koronavirusning “omikron” shtammi COVID-19 pandemiyasini yakunlashi mumkinligini ma’lum qilishdi. Tadqiqot natijalari South African Medical Research Council saytida e’lon qilingan.

Foto: Google

Olimlar Tsvane okrugidagi shifoxonaga “omikron” to‘lqini vaqtida olib kelingan 466 va ilgari yotqizilgan 3976 nafar bemorga oid ma’lumotlarni o‘rganib chiqdi.

Ularning aniqlashicha, oxirgi to‘lqinda COVID-19ga chalingan bemorlarning 4,5 foizi vafot etgan – avvalgi o‘rtacha ko‘rsatkich 21 foizni tashkil etgan.

Shifoxonada yotish davomiyligi ilgarigi 8,8 kundan to‘rt kunga qisqargan, intensiv terapiya bo‘limiga yotqizilganlar soni 4,3 foizdan 1 foizga tushgan.

Har bir yangi to‘lqinda kasallikning tobora yengil kechishi kuzatilmoqda, deya qayd etgan olimlar. Bu esa “omikron” shtammi koronavirus pandemiyasi epidemiyadan endemiyaga – ma’lum bir hududga xos kasallikka aylanayotganini bildiradi.

Koronavirusning yangi “omikron” shtammi birinchi marta 11-noyabr kuni Janubiy Afrikada topilgan. Yapon olimlarning ta’kidlashicha, yangi shtamm tarqalish tezligi tufayli avvalgilariga, jumladan, “delta”ga qaraganda xavfliroq bo‘lishi mumkin.