Koronavirus yangi shtammlarining hayvonlar muhitiga kirishi virusning jiddiy mutatsiyalariga va kasallikning yana ommaviy tarqalishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda “Ura” xabar berdi.

Foto: Gazeta

Ma’lum qilinishicha, Ural federal okrugi bosh profilaktologi, Tibbiyot profilaktikasi mutaxassislari jamiyati ilmiy rahbari, tibbiyot fanlari doktori Sergey Tokarev va mikrobiolog, tibbiyot fanlari doktori, Rossiya Fanlar akademiyasining akademigi Vitaliy Zverev yuqoridagi xulosani bildirgan.

Tokarevning so‘zlariga ko‘ra, nafaqat odamlar orasida, balki hayvonlar orasida ham “omikron” shtamining tarqlishini diqqat bilan kuzatib borish zarur, chunki hayvonlar orasida uning tarqalishi bir kun kelib ma’lum bir “supermutant” paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Olimning ta’kidlashicha, virusning mutatsion salohiyati yakuniga yetmagan, pandemiya ham faqat “omikron” shtami bilan tugamasligi mumkin.

Zverevning qo‘shimcha qilishicha, koronavirus o‘zi uchun qulay tashuvchini topganida jiddiy o‘zgargan holda halokatli bo‘lib qoladi va butunlay boshqa xususiyatlarni o‘ziga jamlay oladi.

Mikrobiologning ta’kidlashicha, nazariy jihatdan ko‘rshapalaklar populyatsiyasiga koronavirusning turli xil variantlarining kirib borishi ularni sezilarli darajada o‘zgartiradi, bu esa kasallikning yangi to‘lqinlari kelib chiqishiga olib keladi.