Xitoyning Xanchjou aeroportida Rossiyaga tegishli “Aviastar-TU” kompaniyasining yuk samolyoti yonib ketdi, sakkiz nafar ekipaj aʼzosi qutqarib olingan, deb xabar bermoqda aviakompaniya.

Foto: Google

Xitoyning Xanchjou aeroportida 7-yanvar kuni Novosibirsk Tolmachevo aeroportidan uchib kelgan Rossiyaning “Aviastar-TU” aviakompaniyasining “Tu-204” yuk samolyoti yonib ketgan.

“Ekipaj a’zolari tirik. Biz yong’in sabablarini, oʻrganmoqdamiz”, degan kompaniya vakili.

Yong‘in samolyot salonida boshlangan, ichida 20 tonnaga yaqin yuk va 26 tonna aviayonilg‘i bo‘lgan. Voqea joyiga o‘t o‘chiruvchilar va tez yordam guruhi yong’in haqidagi xabarni olgandan keyin ikki daqiqa o‘tib yetib kelgan. Ular sakkiz nafar ekipaj a’zosini qutqarib olishgandan so’ng yong’inni bartaraf etishga muvaffaq bo’lishgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in 7-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan 01:50 (mahalliy vaqt bilan 8-yanvar 4:50)da sodir bo‘lgan. Samolyot aeroport xizmatlari tomonidan o‘chirilgan. Samolyotga yetkazilgan zarar darajasi va yong‘in sabablari haqida ma’lumotlar aniqlanmoqda.