7-yanvar kuni soat 18:18da Xonqa tumani, “Yosh kuch” mahallasi hududidan o‘tgan temir yo‘lda yengil avtomobil ishtirokida yo‘l transport hodisasi yuz bergan.

Foto: RIA Novosti

Shu tumanning Qirqyop qishlog‘i, “Obod” mahallasida yashovchi, 2001-yilda tug‘ilgan fuqaro N.X. “Cobalt” rusumli avtomobilida qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasida to‘xtash belgisiga amal qilmasdan harakatlangan va “Xiva-Urganch-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan yo‘lovchi poyezdi bilan to‘qnashgan. Oqibatda avtomobil ag‘darilib ketgan, haydovchi esa tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Shuningdek, to‘qnashuv oqibatida shikast yetgan teplovozga qariyb 1 soat davomida texnik xizmat ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng poyezd yo‘lini davom ettirgan.

Holat bo‘yicha huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv va tergov ishlari olib borilmoqda.