2021-yilning 7-dekabr kuni Surxondaryo viloyati Denov shahri Mustaqillik ko‘chasida joylashgan 2 qavatli “Indenim” savdo majmuasi binosida sodir bo‘lgan portlash oqibatida 226ta ko‘chmas mulkka 22,6 mlrd. so‘mlik zarar yetgan.

Foto: Google

Bu haqda bugun, 8-yanvar kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik O‘lmas Muzaffarov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, hodisa oqibatida 2 kishi vafot etgan, 9 nafari turli darajadagi tan jarohati olgan. Talofat ko‘rgan binolarning 25tasi yaroqsiz deb topilgan, shundan 13ta xonadon egalari boshqa joyga ko‘chirilib, uylari ta’mirlab berilmoqda.

“140ta turar joyga, ya’ni, 76ta hovli uylari, 5ta ko‘p qavatli uylarning 64ta xonadoni, 86ta noturar joylar, umumiy hisobda 226ta imoratga ziyon yetgan. Talofat ko‘rgan 25ta bino, jumladan, 13ta turar va 12ta noturar joy yaroqsiz holga kelgan”, dedi polkovnik.

Ta’kidlanishicha, mustaqil baholovchi tashkilotlar tomonidan hodisa oqibatida yetkazilgan zarar miqdori hisoblab chiqilgan. Unga ko‘ra, 226 ta ko‘chmas mulk obyektlariga yetkazilgan zarar miqdori 22,6 mlrd. so‘mga baholangan. Shundan majmuaga yetkazilgan zarar miqdori 14,4 mlrd. so‘mni tashkil etgan.

“Yetkazilgan zararni qoplash ishlari Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan tashkillashtirilmoqda”, degan ma’sul.