Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jo’mart To’qayev oʻrtasida uzoq davom etgan telefon muloqoti boʻlib oʻtdi, deb xabar qildi Kreml matbuot xizmati.

Foto: RIA Novosti

“Qozogʻiston prezidenti mamlakatdagi mavjud vaziyat haqida batafsil maʼlumot berib, uning barqarorlashuv yoʻlida rivojlanayotganini taʼkidladi. Shu nuqtai nazardan, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidagi hamkorlar tomonidan koʻrsatilgan yordam uchun minnatdorchilik bildirildi”, – deyiladi xabarda.

Prezidentlar Qozog‘istonda tartib o‘rnatish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashishgan.

“Qosim-Jo’mart To’qayevning soʻzlariga koʻra, hozirgi bosqichda KXShTga aʼzo davlatlar rahbarlarining qoʻshma suhbati zarur. Shu munosabat bilan u KXShT Kollektiv xavfsizlik kengashining videoselektor yigʻilishini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqish niyatida”, – deya qo’shimcha qilgan matbuot xizmati.

Vladimir Putin bu taklifni qo‘llab-quvvatlagan va ikki davlat prezidentlari doimiy aloqada qolishga kelishib olishgan.