Qozog‘istonda Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyevning jiyani – Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq birinchi o‘rinbosari Samat Abishning hibsga olingani haqida xabar tarqatgan mahalliy ommaviy axborot vositalari o‘z xabarlari uchun raddiya berishni boshlashdi.

Foto: Sputnik

Qayd etilishicha, general-leytenant Samat Abishning hibsga olingani haqidagi avval e’lon qilingan xabar xato va bu “favqulodda ish” bilan bog‘liq. 

“Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani, 2015-yildan buyon mamlakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan general-leytenant Samat Abishning Olmaotada hibsga olingani haqidagi xabar xato bo‘lib chiqdi”, – deb yozmoqda RBK.  

Mahalliy Orda.kz nashri esa quyidagicha raddiya bergan: 

“Nazarboyevning jiyani Samat Abish hibsga olingani haqida xabar bergan manbamiz yanglishdi, bu ma’lumot tasdiqlanmadi. Kechirasiz, biz favqulodda vaziyatda ishlayapmiz va bizning yagona vazifamiz o‘quvchilarimizni xabardor qilishdir. Iltimos, tushuning. Biz avvalgi xabarni o‘chirib tashladik”.

Avvalroq, Qozog’iston milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq raisi davlatga xiyonat qilishda ayblanib qo’lga olingani xabar berilgandi.