Joriy yilning 7-yanvar kuni soat taxminan 15:00larda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida ichki ishlar xodimlari “Malibu” haydovchisiga nisbatan o‘qotar qurol qo‘lladi.

Foto: IIV axborot xizmati

IIV axborot xizmati xabariga ko‘ra, 1976-yilda tug‘ilgan, kuchli darajadagi mast holatida bo‘lgan fuqaro A.A. boshqaruvidagi “Malibu” avtotransportida Yangishahar ko‘chasi bo‘ylab, shu yerda xizmat o‘tayotgan YHX xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, o‘zgalarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf solgan holda qochishga uringan.

Xodimlar, haydovchining noqonuniy harakatlari oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan og‘ir oqibatlarni oldini olish maqsadida, belgilangan tartibda o‘qotar qurol qo‘llagan.

Natijada, avtotransport vositasi majburiy to‘xtatilib, haydovchi zararsizlantirilgan. Qurol qo‘llanilishi natijasida hech kim jarohatlanmagan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.