Qozog‘istonning Olmaota shahrida rejissyor va musiqachi Saken Bitayev o‘ldirildi. Bu haqda uning do‘sti, jurnalist Doniyor Adilbekov o‘zining Facebook sahifasida e’lon qilgan.

Foto: Google

Ta’kidlanishicha, talonchilar Saken Bitayevni otib o‘ldirgan, u tez yordam kelmasidan vafot etgan. Adilbekovning so‘zlariga ko‘ra, talonchilar Bitayevdan mashina tortib olmoqchi bo‘lgan. 

“Olomon orqadan kelib, eshiklarni ochishni boshladi. Talonchilar mashinani tark etgandan keyin otishma boshladi. Bitta o‘q Sakenning o‘pkasini teshdi”, deb yozadi jurnalist. 

Shuningdek, u Bitayevning ota-onasi o‘g‘lining jasadini olib keta olmasligini, chunki shaharda o‘limni hujjatlashtirish uchun politsiya xodimlari yetarli emasligini aytgan. Qayd etilishicha, jinoyatchilar topilmagan.

Ma’lumot o‘rnida, Saken Bitayev Salamalec Sound musiqiy loyihasiga asos solgan va xip-xop janridagi kompozitsiyalarni ijro etgan. U musiqa sohasidagi faoliyatidan tashqari rejissyorlik bilan ham shug‘ullangan. 

Bugun, 8-yanvar kuni ertalab holatiga Olmaotada otishma va aksilterror operatsiyasi davom etmoqda. Shahar aholisi shubhali odamlar guruhlarini aniqlashda politsiyaga yordam bermoqda. Jangarilar kichik maydonlar va bog‘larda yashiringan. Qalin tuman huquq-tartibot idoralari xodimlarining ishini qiyinlashtirmoqda. Ta’kidlanishicha, Olmaota viloyatida qo‘lga olinganlar orasida qo‘shni davlat fuqarolari ham bor. 

Qozog‘istonda umumiy hisobda 4 mingga yaqin terrorchi qo‘lga olingan. Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari xodimlari davlat hokimiyati organlarining barcha binolarini nazoratga olgan.