Fevral oyi boshida Turkmanistonda mamlakat oliy qonun chiqaruvchi organi – Xalq maslahatining navbatdan tashqari majlisi o‘tkaziladi. Bu haqda Gurbanguli Berdimuhamedov 7-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishida ma’lum qildi, deyiladi “Vatan” televideniyesi xabarida.

Foto: Ru Reporter

Unda Turkmanistonni kelgusi 30-yilda rivojlantirish dasturini ko‘rib chiqish va tasdiqlash, shuningdek, 2021-yil yakunlari va joriy yildagi vazifalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

Tasdiqlanmagan xabarga ko’ra, Xalq maslahatining bu galgi majlisida ko‘riladigan eng asosiy masala boshqa. Aytishlaricha, Gurbanguli Berdimuhamedov davlat boshqaruvini o‘g‘liga topshirish taklifini ilgari surishi mumkin. Ammo shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi deyishadi.

Ma’lumot uchun, mart oyida Turkmanistonda navbatdan tashqari Prezident saylovi o‘tkazilishi aytilmoqda. Mamlakat yetakchiligiga asosiy nomzod sifatida aynan Sardor Berdimuhamedov nomi tilga olinmoqda.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li otasi sababli mamlakatda oziq-ovqat narxi arzon ekanini aytgandi.