Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali ushbu mamlakatdagi vaziyatni muhokama qildi, deb xabar bermoqda Sputnik Belarus.

Foto: RIA Novosti

“Bugun kechqurun Aleksandr Lukashenko Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat chog‘ida Qozog‘istondagi vaziyat atroflicha muhokama qilindi”, – deyiladi xabarda.

Suhbat to’g’risidagi boshqa tafsilotlar hozircha ochiqlanmagan.

Qozoq mahalliy nashrlariga ko’ra, mamlakatning birinchi rahbari Nursulton Nazarboyev va uning qizlari oilasi bilan Qozog‘istonni tark etishgan. Qayd etilishicha, mamlakatda faqat Nursulton Nazarboyevning katta akasi Bolat Nazarboyev qolgan. 

“E’tiborlisi, Qozog‘istonda siyosiy inqiroz boshlanganidan beri na rasmiy hokimiyat, na davlat telekanallari va OAV Nursulton Nazarboyev va uning oila a’zolari nomini tilga oladi. Ular qayerda va qay ahvolda, gapirilmayapti. Bizda Birinchi Prezident va uning qizlari oilalari bilan Qozog‘istonni tark etgani haqida ma’lumotlar bor”, deb yozadi nashr Bosh muharriri. 

Ma’lumki, Nursulton Nazarboyev mamlakatni 30 yil boshqargach, 2019-yilning mart oyida iste’foga chiqdi. Uning o‘rnini o‘sha vaqtdagi Senat raisi Qosim-Jo’mart To‘qayev egalladi. To‘qayevning o‘rniga esa Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi – Darig‘a o‘tirdi. Ammo u ham ko‘p o‘tmay Senat koridorlarini tark etdi.

To‘qayev Prezident lavozimini egallagach, Nursulton Nazarboyevga Elboshi maqomini berdi. Shuningdek, mamlakat poytaxti Ostona shahri nomini Nazarboyev sharafiga Nur-Sulton deya o‘zgartirdi. Qolaversa, Birinchi Prezident Xavfsizlik Kengashini boshqarishni o‘zida saqlab qoldi. 

Ayni vaqtda Nursulton Nazarboyevning qayerdaligi ma’lum emas. U joriy yilning 5-yanvar kuni Xavfsizlik Kengashi raisi lavozimidan ketgandi.