Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning jiyani Samat Abish hibsga olindi. Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda. 

Foto: Sputnik

U Qozog‘istonda namoyishlar boshlanishi ortidan, bundan ikki kun avval Milliy xavfsizlik qo‘mitasining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan edi. 

43 yoshli general-leytenant Samat Satibaldiuli Abish Qozog‘iston Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning ukasining o‘g‘lidir. Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi akademiyasini va Rossiya Tashqi razvedka xizmati akademiyasini tamomlagan. 

2010-yil yanvaridan 2015-yil dekabrigacha Abish kadrlar bo‘limi boshlig‘i lavozimidan Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosarigacha ko‘tarilgan.

O’zi nima bo’ldi?

Qozog’istonning Mang‘istau oblastida 2-yanvardan beri aholi suyultirilgan gaz narxi oshirilganiga qarshi norozilik mitinglari o‘tkazmoqda. Norozilik namoyishlariga Qozog‘istonning boshqa shaharlari aholisi ham qo‘shilgani aytilmoqda. Tobora jiddiylashgan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Namoyish ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, bugun Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200dan ortiq kishini qo‘lga oldi.

Shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jo’mart To‘qayev esa Hukumat iste’fosi ortidan mamlakatning ayrim joylarida favqulodda holat e’lon qildi. Ushbu mitinglar fonida mamlakatda gazni qayta ishlash zavodi direktori qo‘lga olingan.