Namanganda poyezd va “Gentra” to‘qnashishi oqibatida 17 yoshli haydovchi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Dunyo

Qayd etilishicha, voqea 2021-yilning 29-dekabr kuni soat 10:30 atrofida Andijon-Toshkent temir yo‘l oralig‘idagi 112 km. 4 piketida, Pop tumani “Mag‘izor” mahallasi hududidan o‘tgan qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasida sodir bo‘lgan.

Shu tumanda yashovchi, 2003-yilda tug‘ilgan Gentra haydovchisi to‘xtash belgisiga amal qilmay harakatlangani uchun Toshkent viloyati Chinoz tumanida yashovchi, 1983-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi shaharlararo poyezd bilan to‘qnashgan.

Oqibatda 17 yoshli “Gentra” haydovchisi olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan. 

Xabarga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.