Toshkentdagi “Chilonzor” metro bekatida sinov tariqasida hojatxona qurilmoqda va bu tajriba o‘zini oqlasa, boshqa bekatlarda ham hojatxona qurilishi rejalashtirilgan. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: RIA Novosti

Korxona bergan bayonotda hojatxonalar, ona va bola xonalari nafaqat Toshkent metropolitenida, balki dunyoning aksariyat metropolitenlarida mavjud emasligi aytilgan. Bu yo‘lovchilarning metrodan foydalanish vaqti aksariyat hollarda kam bo‘lishi bilan izohlangan. Qayd etilishicha, Toshkentda metro yo‘lovchilari eng uzoq manzilga o‘rta hisobda 40–50 daqiqa atrofida etib boradi.

“Biroq shunga qaramay me’yoriy loyiha xujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilgan holatda ‘Chilonzor’ metro bekatida tajriba tariqasida hojatxona qurish ishlari olib borilmoqda, agarda bu o‘zini oqlasa, boshqa bekatlarda ham amalda tadbiq etilishi ko‘zda tutilgan”, — deyilgan korxona bayonotida.

Bundan tashqari, korxona yer osti bekatlarida kishi sog‘lig‘iga ta’sir ko‘rsatuvchi bosim borligini inobatga olgan holda barcha bekat navbatchilari birinchi yordam ko‘rsatish ma’lumotiga egaligini va barcha bekatlar birinchi yordam ko‘rsatish uchun dori vositalari bilan ta’minlanganini qayd etgan. Shuningdek, zarur vaqtlarda tez yordam ishchi xodimlari chaqirtirilishi, metropolitenning “Paxtakor” va “Ming O‘rik” bekatlarida tibbiy punktlar mavjudligi aytilgan.